Sokin iqtisodiy fojia: To‘ylar O‘zbekistonni kambag‘allashtiryaptimi?
Xalqimiz asrlar davomida avloddan avlodga o‘tib kelayotgan milliy qadriyatlarimiz, an’analarimiz va urf-odatlarimizni asrab kelmoqda. Shulardan biri to‘y marosimlarimiz ham milliyligimizga asoslangan holda o‘tkazilib kelinmoqda.
Ammo so‘nggi yillarda ko‘pchilik yurtdoshlarimiz orasida to‘ylar tobora dabdabali tarzda o‘tkazilishi ommalashib bormoqda. “Odamlar nima deydi?”, “Bir kunlik to‘y o’tadi, ketadi” yoxud “Umr davomida bir marta bo‘ladi xolos” degan ijtimoiy bosimlar natijasida ko‘plab oilalar o‘z imkoniyatlaridan ortiqcha xarajat qilishlariga sabab bo‘lmoqda. Buning natijasida, milliy qadriyatimiz sifatida shakllangan to‘ylar ayrim holatlarda iqtisodiy fojia manbayiga aylanayotgani ham barchamizga sir emas.
To‘y marosimlarini o‘tkazish uchun taxminan 100 million so‘m sarflanadi deb olaylik. 2025-yilning birinchi choragiga ko‘ra, mamlakatimizda o‘rtacha oylik ish haqi 5,8 mln so‘mni tashkil etgan. Besh kishilik oila uchun minimal iste’mol xarajatlari esa oyiga 3,5 mln so‘mni tashkil qilishini inobatga olsak, oila oyiga 1,5 mln so‘m jamg‘ara oladi. Bu esa to‘yga kerakli mablag‘ni yig‘ish uchun kamida 6 yil vaqt talab qilishini anglatadi. Shu sababli, ko‘pchilik oilalar qarz, kredit olishga yoki chet elda ishlash orqali bu mablag‘ni topishga majbur bo‘lishadi.

To‘yga tayyorlanishning katta iqtisodiy muammosi shundaki, oila olti yil davomida yig‘ayotgan pul iqtisodiyot aylanishidan chiqib ketadi. Bu mablag‘ iste’molga sarflanmagani uchun talab kamayadi, investitsiyalarga sarflanmagani uchun iqtisodiy faollik sustlashadi. 1-rasmda tasvirlangan grafikda 2019-2024-yillarda oila jamg‘arma qilgani sababli oilaning iste’moli past bo‘ladi va pul iqtisodiyotga kira olmaydi. 2025-yilda esa to‘y o‘tkaziladi va jamg‘arilgan mablag‘ bir zumda sarflanadi. Iste’mol keskin oshadi, iqtisodiyotda esa vaqtinchalik jonlanish yuz beradi. 2026-yildan boshlab oila yana tejashga yoki qarzlarni to‘lashga majbur bo‘ladi. Natijada yana iste’mol pasayadi. Shu tariqa ushbu tebranish iqtisodiyotda barqaror bo‘lmagan jarayonni yuzaga keltiradi.
Agar jamg‘arma bank omonatlariga qo‘yilsa, inflatsiyaning ta’sir darajasi kamayadi, pulning real qiymati saqlanadi va banklar bu mablag‘larni kredit sifatida iqtisodiyotga qayta yo‘naltira oladi. Natijada investitsiyalar ko‘payadi, tadbirkorlik rivojlanadi va pul iqtisodiy aylanishda faol ishtirok etadi. Ammo jamg‘arma uyda, ko‘rpacha tagida saqlansa, yillar davomida qadrsizlanadi, xarid qobiliyati pasayadi va to‘y uchun kerak bo‘lgan mablag‘ni yig‘ishning muddati ham cho‘ziladi. Bundan tashqari, banklar uyda yotgan mablag‘lardan foydalana olmayotgani sabab iqtisodiyotdagi investitsiya imkoniyatlari qisqaradi. Shu bilan birga, hatto pul banklarda saqlangan taqdirda ham muammo to‘liq hal bo‘lmaydi. Chunki masalaning mohiyati mablag‘ning qayerda saqlanishida emas, balki oxir-oqibat qayerga sarflanishidadir. Pul 6 yil bankda turib, baribir bir kunlik to‘y marosimiga yo‘naltirilsa, muammo faqat yumshaydi, ammo to‘liq hal qilinmaydi.
Shuningdek, iqtisodiyotda imkoniyat narxi(opportunity cost) degan tushuncha mavjud. Ya’ni to‘y uchun yig‘ilgan jamg‘arma aslida ta’lim, biznes, ko‘chmas mulk yoki investitsiyalarga yo‘naltirilganda, oila yillar mobaynida o‘z boyligini ko‘paytirishi, barqaror daromad manbalariga ega bo‘lishi va moliyaviy ahvolini yaxshilashi mumkin edi. Biroq dabdali marosimga sarflanganda, ushbu pul foyda keltiradigan sarmoya emas, faqat bir martalik xarajatga aylanadi va kelajakda oilaning iqtisodiy imkoniyatlarini cheklab qo‘yadi.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda mamlakatimizda 271 mingdan ortiq nikoh qayd etilgan. Har bir to‘y o‘rtacha 100 mln so‘m bo‘lganda, umumiy xarajat 27 trillion so‘mni tashkil etadi. Bu taxminan 2,5 milliard dollardan ko‘proq bo‘lib, mamlakatimiz YaIMning qariyb 2 foiziga teng. Bu miqdor ta’lim yoki sog‘liqni saqlash sohasining butun yillik xarajatlarini moliyalashtirishga yetadi. Bundan tashqari, to‘ylarga sarflanayotgan mablag‘ning katta qismi xorijiy mahsulotlarga — brend liboslar, texnika, bezak buyumlari va avtomobillarga ketayotgani valyutaning chetga chiqib ketishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bilan birgalikda, to‘ylar xizmat ko‘rsatish sohasining o‘sishiga ham yordam bermoqda. Restoran, video xizmatlari va boshqa yo‘nalishlarda minglab ish o‘rinlarini yaratilishiga hissa qo‘shmoqda. Ammo, bu iqtisodiy o‘sish iste’molga asoslangan qisqa muddatli iqtisodiy harakatdir. Yangi ishlab chiqarish quvvatlari, uzoq muddatli jamg‘armalar yoki investitsiyalarni yaratmaydi. Resurslar oqimi va boylikning sarf bo‘lishiga olib keladi va uzoq muddatli iqtisodiy foyda bermaydi.
Ortiqcha dabdaba nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Qarzga botgan yosh oilalar hayotini moliyaviy bosim ostida boshlashmoqda. Ayrim hollarda bu kelishmovchiliklar, ajrimlar yoki chet elga ishlashga ketishga sabab bo‘lmoqda. Natijada, mehnat resurslarining bir qismi mamlakatdan chiqib ketmoqda, mehnat migratsiyasi oshmoqda, ichki mehnat bozori esa malakali ishchi kuchini yo‘qotishiga olib kelmoqda.
Davlatimiz tomonidan so‘nggi yillarda to‘y va marosimlarni tartibga solish bo‘yicha bir qator tashabbuslar amalga oshirilib kelinmoqda. 2019-yil 14-sentyabrdagi qaror toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-sentabrdagi 589-son qaroriga muvofiq, “Oqilona iste’mol” (Save food) dasturi doirasida to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va boshqa shu kabi tadbirlar belgilangan tartib asosida qat’iy nazoratga olinishi nazarda tutilgan. Bu chora-tadbirlar milliy qadriyatlarni asragan holda iqtisodiy me’yorni tiklashga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, muhim bir jihat shundaki, davlat byudjeti asosan sarflangan mablag‘lar orqali shakllanadigan soliqlarga tayanadi. Pul uzoq vaqt jamg‘arma holatida “muzlatib” qo‘yilganda, byudjetga tushadigan soliq tushumlari ham kechikadi. Bu esa ijtimoiy dasturlar, infratuzilma loyihalari hamda davlat xarajatlarini moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklaydi. Shu sababli, aholining oqilona va barqaror iste’moli nafaqat bozor uchun, balki davlat moliyasining barqarorligi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Xulosa
Xulosa qilib aytganda, to‘ylar xalqimizning ajralmas qadriyatidir, lekin ularni o‘tkazishda ijtimoiy bosimlarga emas, iqtisodiy ong va zamon talablari asosida yondashish zarur. Shuningdek, to‘ylar ko‘pincha ota-onalar tomonidan yig‘ilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi. Bunday vaziyatda isrofgarchilikni kamaytirish qiyin kechadi. Ammo qachonki yoshlar to‘y xarajatlarini o‘z mehnati va o‘z daromadlari evaziga qilishni boshlashsa, ortiqcha dabdaba va keraksiz hashamatga bo‘lgan munosabat ham asta-sekin o‘zgara boshlaydi. Chunki inson o‘zi topgan pulni ancha ongli va ehtiyotkorlik bilan sarflaydi. Aynan mana shunday yondashuv jamiyatda me’yoriy iste’mol madaniyatni shakllantirishga yordam berishi mumkin.
Muallif: Maxmudova Zoxida
Mehmon maqola muallifining fikri tahririyat yoki blog egalarining nuqtayi nazari bilan mos kelmasligi mumkin.